Andijon viloyati Baliqchi tumanida “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Intellektual salohiyati yuqori, ma’nan sog‘lom va jismonan baquvvat avlodni voyaga yetkazish Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir. Barcha joyda bo‘lgani kabi Andijonda ham navqiron avlodning har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib kamolga yetishi uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida kapital ta’mirdan chiqarilgan Baliqchi tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi binosi bunga misoldir. Markaz 56 million 650 ming so‘mlik jihozlar bilan ta’minlandi.
“Yangi qiyofaga kirgan markazimizda musavvirlik, ekologiya va hunarmandlik, til o‘rganish kabi 13 yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, — dedi markaz rahbari To‘lqin Po‘latov. — To‘garaklarga 320 nafardan ziyod o‘quvchi jalb etilgan. Ular safi kengaymoqda”.
Izoh (0)