Bugun “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 52-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarining saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.
Mazkur Qonunga binoan, Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi. Oliy Majlis Senatiga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislari bo‘lib o‘tmoqda.
Ertaga, 14-yanvar kuni Senat a’zolari saylovi Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Izoh (0)