Sidneydan Brisben shahriga ko‘chib o‘tgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi rejaga ko‘ra kecha, 12-yanvardan Xitoyga qarshi o‘yin oldidan mashg‘ulotlarga kirishdi. Mashg‘ulotlar davomida terma jamoa bosh murabbiyi o‘yindan oldin har xil taktik sxemalarni sinab ko‘rmoqda, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Qayd etish joiz, mashg‘ulotlarni Xitoy va O‘zbekistondan tashrif buyurgan jurnalistlar ham kuzatmoqda. O‘yindan oldingi rasmiy mashg‘ulotni hisoblamaganda har bir mashg‘ulotni Mirjalol Qosimov jurnalistlar uchun ochiq deb e’lon qilgan. OAV xodimlari ham, o‘z navbatida, yaratilgan qulaylik va mashg‘ulotlarning ochiq tarzda o‘tayotgani uchun Mirjalol Qosimovga minnatdorchilik bildirmoqda. Boisi, reglamentga ko‘ra, har bir terma jamoa murabbiyi mashg‘ulotlarning ilk 15 daqiqasidan so‘ng, terma jamoa mashg‘ulotini yopiq deb e’lon qilishi mumkin.
Ta’kidlash lozim, ushbu uchrashuvga, ayniqsa, Xitoy OAVda qiziqish juda yuqori. Ma’lumotlarga ko‘ra, Osiyo Kubogi bahslarini yoritish uchun Avstraliyaga Xitoydan 200 ga yaqin jurnalist tashrif buyurgan.
Yana bir qiziqarli ma’lumotga ko‘ra, mezbon — Avstraliyadan keyin aynan Xitoy terma jamoasi Avstraliyada eng ko‘p muxlisga ega jamoa hisoblanadi. Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi kechgan 1-tur o‘yinida Alen Perren shogirdlarini 11 mingga yaqin xitoylik muxlis stadionda qo‘llab-quvvatlab turdi. Ulardan 7 ming nafari Xitoydan tashrif buyurgan bo‘lsa, 4 ming nafari mahalliy xitoyliklarni tashkil etdi.
Xitoyga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadigan Brisben shahrida ikki kun davomida havo harorati 20 daraja atrofida issiq bo‘ldi. Kunning o‘rtasida esa havo harorati 30 daraja issiqni tashkil qilmoqda. Ba’zi vaqtlarda shaharda yomg‘ir yog‘ishi kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ertaga, 14-yanvar kuni Brisbendagi 52 ming muxlisni sig‘dira oladigan “Brisben Sankrop” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 19:00 da (Toshkent vaqti bilan 14:00 da) boshlanadi.
Izoh (0)