Xitoy — O‘zbekiston uchrashuvi oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Stadion.uz” xabar bermoqda.
Mirjalol Qosimov va Odil Ahmedov ishtirokidagi matbuot anjumani boshlanishi oldidan qiziq holat yuzaga keldi: kutilmaganda xitoylik jurnalistlar matbuot anjumanidan chiqib ketdi. Xitoy terma jamoasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan savol-javob yakuniga yetgach, ko‘plab xitoyliklar zaldan chiqib ketdi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozim, Xitoy terma jamoasi guruhdagi dastlabki uchrashuvni ham Brisben shahrida o‘tkazgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa birinchi turda Sidneyda maydonga tushib, so‘ng Brisben tomon yo‘lga chiqqan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va yarim himoyachi Odil Ahmedov matbuot anjumani zaliga kirib kelgach, muloqotning ikkinchi qismi boshlandi. Dastlab murabbiy va futbolchidan ertaga bo‘ladigan o‘yin haqida fikrlari so‘raldi.
Mirjalol Qosimov: “Ertaga bizni yaxshi o‘yin kutib turgani aniq. Chunki biz ham, raqib ham birinchi turda bir xil hisobda g‘alabaga erishganmiz. Shunday ekan, o‘yin ancha qiziqarli kechishi aniq. Biz Xitoyni yengib, guruhdan chiqish imkoniyatini yanada yaxshilashni maqsad qilganmiz. Xitoy yaxshi jamoa, ammo biz maydonga g‘alaba uchun tushamiz”.
Odil Ahmedov: “Murabbiyimiz fikriga qo‘shilaman. Xitoy haqiqatan ham kuchli jamoa. Ammo biz ertaga hamjihatlik bilan o‘yin olib borib, raqibni mag‘lubiyatga uchratamiz. Bunga kuchimiz yetadi”.
Xitoylik jurnalist: “O‘zbekiston terma jamoasidagi uch nafar futbolchi Xitoy chempionatida o‘ynagan. Biri hamon o‘ynamoqda. Ulardan Xitoy haqida ma’lumot oldingizmi?”
Javob: “Albatta biz Xitoy bilan yaxshi tanish bo‘lgan futbolchilar bilan suhbatda bo‘ldik va bu suhbat jamoamizga yetarlicha yordam beradi, deb o‘ylayman”.
Azizxon Akbarov, “Uff.uz” jurnalisti: “Xitoy boshqa sport turlaridan kuchli. Ammo futbolda yuqori saviyaga chiqa olmayapti. Nima deb o‘ylaysiz, Xitoy o‘z saviyasini oshira oladimi?”
Javob: “Xitoy terma jamoasi o‘sishda davom etmoqda. Yil o‘tgan sari raqib o‘yini ham o‘sib bormoqda. Ammo ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi”.
Avstraliyalik jurnalist: “Savolim Odil Ahmedovga: Qatardagi Osiyo Kubogida Avstraliyadan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan edingiz. Bu mag‘lubiyat hozirgi o‘yiningizga ta’sir o‘tkazadimi? Guruhdan chiqsangiz, yana Avstraliya bilan tushishingiz mumkin. Bu borada nima deya olasiz?”
Javob: “Bu tarixga aylangan o‘yin. Biz asosiy maqsad sifatida guruhdan chiqishga qaramoqdamiz. Agarda buni uddalay olsak va Avstraliyaga qarshi maydonga tushsak, bu safar boshqacha o‘yin bo‘lishi aniq”.
Axadxon Abduhamitov: “Xitoy terma jamoasi birinchi turda ham Brisbenda o‘ynagan. Bu raqibga qanday ustunlik berishi mumkin? Ikkinchi savol Odil Ahmedovga. Siz Xitoyga qarshi avval ham o‘ynagansiz. 2011-yildagi Xitoy bilan hozirgi Xitoy haqida nima deya olasiz?”
Mirjalol Qosimov: “Men bu borada hech qanday muammo ko‘rmayapman. Jamoamiz yaxshi tayyorgarlikka ega va raqibga qarshi to‘liq kuch bilan o‘ynashga tayyor”.
Odil Ahmedov: “Men hozirgi Xitoy haqida hech narsa deya olmayman. Chunki o‘yinlarini kuzatib bormaganman. Ammo hamma terma jamoalar ham o‘sishda davom etmoqda va Xitoy ham boshqacha bo‘lgani aniq. Ertaga bo‘ladigan o‘yin hammasini ko‘rsatib beradi”.
Xitoylik jurnalist: “Odil Ahmedovdan shuni so‘ramoqchi edim. Siz birinchi o‘yinda yaxshi tayyor emasdingiz. Endi ancha tiklanishga muvaffaq bo‘ldingiz va o‘yiningiz kuchayadimi? Mirjalol Qosimovga: Xitoy tarkibida qaysi o‘yinchini ajratib ko‘rsata olasiz?”
Odil Ahmedov: “Birinchi o‘yinda qiyin bo‘lishi aniq edi. Aslida har doim ham ilk o‘yin og‘ir kechadi. Ammo men ancha yaxshi holatdaman va ikkinchi o‘yinda bor kuchimni ko‘rsatishga harakat qilaman. O‘yindan o‘yinga kuchayib boraveramiz, deb o‘ylayman”.
Mirjalol Qosimov: “To‘g‘risini aytsam, biror futbolchini ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Chunki Xitoy har doim jamoaviy o‘yin namoyish etib kelgan. Faqat shuni aytishim mumkinki, raqib tarkibida 10-raqamli futbolchi ancha kuchli. Shuningdek, qanot himoyachilari va darvozabon yaxshi o‘yin namoyish qiladi. Xitoyning ajralib turadigan jihati — ularda intizom ancha kuchli. Ammo biz raqibni mag‘lubiyatga uchratishga tayyormiz”.
Shu bilan matbuot anjumani yakuniga yetdi.
Izoh (0)