Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Nukus filialida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi mutaxassislari tomonidan aholi, jumladan, bir guruh faxriylar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“O‘zaro tajriba almashish maqsadida Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda aholi, xususan, keksa yoshdagilar salomatligi yana bir nazoratdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi”, — dedi tibbiyot fanlari doktori Hamidulla Abdumajidov.
Shu yerning o‘zida malakali shifokorlar ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i, yurak-qon tomir xastaliklari, o‘pka va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan o‘ndan ortiq bemorni jarrohlik yo‘li bilan davoladi.
Bir hafta davom etgan salomatlik kunlari doirasida zamonaviy jarrohlik texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha seminarlar, bemorlar uchun tibbiy maslahatlar, jarrohlik operatsiyasi bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazildi. Tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tibbiyot muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdi.
Izoh (0)