KXDR terma jamoasi bosh murabbiyi Cho Tong Sop O‘zbekistonga qarshi bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogining dastlabki o‘yini oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
“Osiyo kubogida ishtirok etadigan barcha jamoalar kuchli”, — deya o‘z fikrini boshladi murabbiy. Janubiy va Shimoliy Koreya terma jamoalari chorak finalda o‘zaro to‘qnashib qolishi mumkinligi haqidagi savolga murabbiy quyidagicha javob berdi:
“Guruhdan chiqish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Har bir o‘yinga yaxshi tayyorgarlik bilan chiqsak, Janubiy Koreya bo‘ladimi yoki boshqa jamoami, chorak finalda har qanday jamoani mag‘lub eta olamiz”.
KXDR hali biror marta O‘zbekiston milliy terma jamoasini mag‘lub eta olmagan. Ertangi o‘yinda murabbiy vaziyatni o‘nglashga harakat qilishini ta’kidladi.
“O‘zbekistonni yaxshi o‘rgandik. Bu jamoaning kuchli va kuchsiz tomonlarini bilamiz. O‘zbekiston kuchsiz emas, yaxshi jamoa. Shu bois o‘yin qiziqarli kechadi. Men ijobiy natijaga umid qilyapman”, — dedi KXDR bosh murabbiyi.
Izoh (0)