Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Alen Perrin Osiyo kubogi oldidan intervyu berib, o‘z jamoasining imkoniyatlari va turnirdagi favorit jamoalar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
“Men uchun musobaqada 3 ta favorit bor. Ular — Janubiy Koreya, Yaponiya va Eron. Bu jamoalar boshqa jamoalarga nisbatan kuchli, ammo oradagi farq katta emas. Yaponiya va Janubiy Koreyaning nimalarga qodirligini barcha yaxshi biladi. Eron terma jamoasi futbolchilari esa katta tajribaga ega. Ular jismoniy va texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega.
Bizning asosiy maqsadimiz guruhdan chiqish. Lekin bu oson bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston terma jamoasi guruhda birinchi o‘rinni oladi. Saudiya Arabistoni ham tajribali jamoa. Biz ular bilan saralash bosqichida bir guruhda bo‘lganmiz. Ular guruhda 1-o‘rinni egallashgan. Biz esa Iroqdan so‘ng 3-o‘rinni band etgandik. Demak, pley-offga chiqish uchun Saudiya Arabistoni bilan yana to‘qnash kelishimizga to‘g‘ri keladi. Qiyin bo‘ladi, ammo biz so‘nggi 6 oy davomida yangi jamoani shakllantirdik va xatolar ustida ishladik”, − dedi Alen Perrin.
Izoh (0)