2015-yilning 6-yanvar kuni Bolgariyada mamlakat qurolli kuchlari hamda AQSh harbiylari bilan birgalikda Platinum Lion — 2015 nomli o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda “TASS” agentligiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.
Mashg‘ulotlar Bolgariyaning “Novo selo” poligonida o‘tkazilayotgan bo‘lib, ularda mahalliy va amerikalik harbiylardan tashqari, Ruminiya va Serbiya armiyasining qo‘shinlari ham ishtirok etmoqda.
Bolgariya Mudofaa vaziri matbuot xizmatining xabar berishicha, mashg‘ulotlar birinchi marotaba qishki sharoitlarda Black Sea Rotational Forces baynalminal tayyorlash dasturi bo‘yicha olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar 30-yanvarda tugatilishi rejalashtirilgan.
Mashg‘ulotlarda “Vasil Levski” Milliy harbiy universitetining 140 nafar bolgar harbiysi, harbiy politsiya va boshqa bo‘linmalar harbiylari, 250 nafar amerikalik dengiz piyodasi, Serbiya Quruqlikdagi qo‘shinlarining 40 nafar hamda Ruminiyaning 25 nafar harbiyi ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, Bolgariya va AQSh armiyasi qism va bo‘linmalarining birgalikda harbiy tayyorgarligi doirasidagi Platinum Lion mashg‘ulotlari mamlakat ichida va tashqarisida o‘tkazilmoqda. 2015-yilda bu mashg‘ulotlar yordamida qo‘shinlarning tezkor moslashuvchanligini oshirish, ularning ko‘pmillatli muhitda o‘zaro hamkorligini yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)