O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi.
Qarorda ma’lum qilinishicha, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2015-yilning fevral-mart oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq ushbu chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinadi.
Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar 2015-yilning mart−aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatiladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining Kotibi V. Maxmudov zimmasiga yuklangan.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2014-yil 26-dekabrda imzolangan.
Izoh (0)