Shu yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov olib bordi. Bu haqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi axborotiga tayanib, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida xabar berildi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11 va 48-moddalariga muvofiq, 2015-yil 4-yanvarda 22 ta saylov okrugida bo‘lib o‘tgan takroriy ovoz berish natijalarini inobatga olgan holda mamlakat parlamenti Qonunchilik palatasi saylovi yakunlari ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan okrug saylov komissiyalarining takroriy ovoz berish natijalari haqidagi bayonnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 22 nafar deputati ro‘yxatga olindi. Shunday qilib, barcha 135 ta saylov okrugida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi yakunlandi.
Saylov qonunchiligiga asosan takroriy ovoz berish 22 ta saylov okrugining har birida asosiy saylov natijalariga ko‘ra saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan ikki nafar deputatlikka nomzod bo‘yicha o‘tkazildi. Takroriy ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga familiyalari kiritilgan 3 million 434 ming 345 nafar saylovchidan 2 million 642 ming 63 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 76,9 foizini tashkil qiladi.
Takroriy ovoz berishda siyosiy partiyalarning 5700 dan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh (0)