Rossiyaning “MegaFon” mobil operatori texnik nosozlik tufayli butun Rossiya bo‘ylab 25 ming mijozining plastik kartalaridan pul yechib oldi. Yechib olingan umumiy pul miqdori ma’lum qilinmadi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari 1-yanvardan boshlab telefon raqamlariga bog‘lab qo‘yilgan plastik kartalardan pul yechib olingani haqida shikoyat qilgan. Bu haqda “TASS”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Shundan so‘ng, “MegaFon” matbuot xizmatida mijozlar kartalaridan yechib olingan pullarni to‘lovlar sifatida qaytib olishi mumkinligi haqida axborot berildi.
“Texnik nosozlik vujudga keldi, hozirda u bartaraf etildi. Hozirgi vaqtga kelib, barcha yechib olingan pullar mijozlar hisobiga qaytarilmoqda. Mijozlar kerak bo‘lganda to‘lovlarni ‘mobil o‘tkazma’ xizmatidan foydalanib, bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan naqd pullarga almashtirib olishlari mumkin. Bunday holatda bu xizmat uchun komissiya to‘lovi olinmaydi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “MegaFon” Rossiyadagi uchta yirik mobil operatorlardan biri hisoblanadi. 2014-yilning sentabr oyi oxiriga kelib, operatorning mijozlari soni 71,5 millionga yetgan.
Izoh (0)