Bugun, 3-yanvar kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi bahslarida ishtirok etish uchun Dubay orqali Avstraliyaning Sidney shahriga yetib boradi. Dubay shahrida bir kun bo‘lgan Mirjalol Qosimov shogirdlari kecha kechki payt yengil mashg‘ulotlarni o‘tkazdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Ertadan Osiyo Kubogiga tayyorgarlik bevosita Sidney shahrida davom etadi. 16-marotaba bo‘lib o‘tadigan musobaqa o‘yinlari Avstraliyaning beshta shahri — Sidney, Nyukasl, Brisben, Kanberra va Melburnda bo‘lib o‘tadi. 9-yanvar kuni turnirning ochilish uchrashuvi Melburnda Avstraliya va Quvayt terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Osiyo Kubogining “B” guruhidan joy olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa ilk uchrashuvini 10-yanvar kuni KXDR terma jamoasiga qarshi o‘tkazsa, 2-turda Xitoy (14-yanvar) va 3-turda Saudiya Arabistoni (18-yanvar) terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Yana bir ma’lumot, O‘zbekiston terma jamoasi 6-yanvar kuni Sidney shahrida Malayziya chempioni “Johor Darul Ta’zim” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini ham o‘tkazadi. Mazkur uchrashuv Mirjalol Qosimov jamoasi uchun Osiyo Kubogidan oldingi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi. O‘yin Sidney shahridagi “Markoni” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)