Gretsiyadan Italiyaga suzib ketayotganda yonib ketgan Norman Atlantic paromidan 190 kishi qutqarib olindi. Paromda yana 287 kishi qolmoqda. Bu haqda Italiya Harbiy dengiz kuchlarining tvitterida xabar berilmoqda, deb qayd etdi “Kun.uz”.
Il Fatto Quotidiano Italiya gazetasi o‘z sahifalarida falokatga uchragan kemaning qutqaruv jiletidagi odamlar va yonayotgan xonalar aks etgan tasvirini chop etdi.
Norman Atlantic paromida yong‘in mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 6:00 larda avtomobillar turadigan qavatda boshlangan. Gretsiya hukumati yordam so‘rab boshqa davlatlarga murojaat etdi. Hozirda qutqaruv tadbirida Italiya va Albaniya ham ishtirok etmoqda.
OAV yo‘lovchilar bergan ma’lumotlarga iqtibos keltirgan holda, odamlar paromni qutqaruv qayiqlarida tark etishga urinayotganlari haqida xabar bermoqda. Biroq hammaga ham qayiq yetayotgani yo‘q. Pastki qavat o‘t ichida qolgan, yuqori qavatlarda esa elektr ta’minoti uzilgan.
Elektr ta’minoti yo‘qligi sababli qayiqlarni suvga tushirishga mo‘ljallangan qurilmalar ishlamayapti, oqibatda qayiqlarni suvga tushirishning imkoni bo‘lmayapti. Qutqaruv tadbirini amalga oshirish noqulay ob-havo sharoitlari tufayli qiyinchilik bilan kechmoqda. Qayd etilishicha, kechki paytga yaqin Gretsiya sohillarida qattiq shamol ko‘tarilgan. Shu munosabat bilan qutqaruv ishlarining aksariyat qismi vertolyotlarda bajarilmoqda.
Paromni buksir yordamida olib ketishga urinishlar ham besamar bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda unga ulangan tross ikki marta uzilib ketgan. Shuningdek, kema 7 gradusga og‘gani aytilmoqda. Bu kemaga egalik qiluvchi kompaniyaning aytishicha, bunday og‘ish hech qanday xavf solmaydi.
Fox News kanali ma’lumotlariga ko‘ra, eng kamida bir kishi kemani tark etish ilinjida halok bo‘lgan. Keyinroq bu shaxs Gretsiya fuqarosi ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)