Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’ PQ-2164-son Qarori ijrosi yuzasidan bojxona organlarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” hamda “Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Internet tarmog‘i orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish boshqarmasi boshlig‘i A. Saidov ishtirok etib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, jahon amaliyotida umum qabul qilingan biznesni yuritish sharoitlarini baholash mezonlari tizimini joriy etish va shu asosda O‘zbekistonning xalqaro reytingini yanada oshirishni ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar olib borilayotganligini alohida ta’kidladi.
Anjumanda bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar haqida jurnalistlarga batafsil axborot berildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda bojxona sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha axborotlarni real vaqt miqyosida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan 24 ta axborot dasturi joriy qilinib, ularning barchasi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga birlashtirildi, 14 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
Izoh (0)