Yaqinda poytaxt bojxonachilari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Jumladan, “Keles” temiryo‘l bojxona posti xodimlari tomonidan Moskva — Toshkent yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilaridan birining qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, u bojxona deklaratsiyasida va og‘zaki so‘rov paytida ma’lum qilmasdan turib, qiymati 8,5 million so‘mdan ortiq 732 dona parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini noqonuniy tarzda olib o‘tishga uringani fosh qilindi.
Olma-ota — Nukus yo‘nalishidagi poyezdda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi esa qiymati salkam 3 million so‘mlik 67 kilogramm turli xildagi dengiz mahsulotlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida hamda bojxonachilarning og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilishni “unutib” qo‘yibdi.
“Arqbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan bir tadbirkor nomiga xorijdan yuborilgan yuklar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuklar orasida yo‘l kuzatuv hujjatlari hamda bojxona yuk deklaratsiyasida qayd qilinmagan qiymati salkam 18,5 million so‘mlik 2310 dona soqol olishga mo‘ljallangan gel tovarlarini noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgani fosh bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)