KXDR BMT Xavfsizlik kengashining ba’zi a’zolari tomonidan Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning muhokama uchun kun tartibiga kiritilishini urush e’lon qilinishi deb hisoblashini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Ushbu masala Xavfsizlik kengashi kun tartibiga 22-dekabr kuni kengashning 15 a’zosidan 10 tasi − Avstraliya, Chili, Iordaniya, Litva, Lyuksemburg, Janubiy Koreya, AQSh, Ruanda, Buyuk Britaniya va Fransiyaning so‘rovi bilan kiritilgan. Rossiya va Xitoy bunga qarshi ovoz bergan.
Vatanni tinch yo‘l bilan birlashtirish qo‘mitasi bayonotida aytilishicha, KXDRdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning ko‘rib chiqilishi “Shimoliy Koreyaning buyuk sotsialistik tizimi va aholisiga qarshi surbetlarcha tahdid va jiddiy provokatsiya, shuningdek urush e’lon qilinishidir”.
Shuningdek, qo‘mitaning fikricha, ushbu masala Xavfsizlik kengashida ko‘rib chiqilishini qo‘llab-quvvatlagan Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe hukumati “AQShning qo‘g‘irchog‘i sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda”.
Izoh (0)