Xitoyning Shensi viloyatida joylashgan shifoxonalardan birining rahbariyati va xodimlari jarrohlik stoli ustida hushsiz yotgan bemor bilan selfi uslubida olingan surat uchun intizomiy jazoga tortildilar, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Shifoxonaning uch nafar rahbari ishdan bo‘shatildi, bu esdalik uchun suratda aks etgan xodimlar esa uch oy davomida jarima to‘laydi, deb axborot berdi CNN kanali.
Bu voqea Fenchen gospitalida 2014-yilning avgustida sodir bo‘lgan, biroq bu haqida endi ma’lum bo‘ldi. Davolash muassasasi ma’muriyati rasman uzr so‘ragan. “Bizning xodimlarimiz o‘zlarining bu qilmishlari salbiy oqibatlarga olib kelishini o‘ylashmagan ko‘rinadi. Biz bundan tegishli xulosalar chiqaramiz”, − deyiladi shifoxona bayonotida.
Tibbiy xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu surat esdalik uchun olingan. O‘sha kuni bu jarrohlik guruhining oxirgi ish kuni edi, bundan keyin bu jarrohlik xonasi boshqa yo‘nalish bo‘yicha qayta o‘zgartirilishi kerak edi.
Xitoylik blogerlar bu suratlarga salbiy munosabat bildirib o‘tishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy madaniyatning yetarli emasligi muhokama qilingan. “Ularda umuman mas’uliyat yo‘q ekan, bemorni davolash ular uchun bir hazil ishdek. Bemor yonlarida yotganida, qanday qilib ular bunday tarzda suratga tushishlari mumkin?”, − deya achchiqlanib, o‘z fikrini bildirdi foydalanuvchilardan biri.
Izoh (0)