O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2-dekabr kuni Xitoy davlat taraqqiyot banki (XDTB) ishtirokida O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Unga binoan, ushbu sohadagi to‘rtta loyihani amalga oshirishda “O‘zbektelekom” va Xitoyning Huawei Technologies kompaniyasi o‘rtasida telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan umumiy qiymati 117,6 million dollarlik shartnomalar inobatga olinadi.
“O‘zbektelekom” AK magistral tarmoqlari ishonchliligini O‘zbekiston Respublikasi tuman markazlarigacha kengaytirish va oshirish loyihasining umumiy qiymati 72,5 million dollar bo‘lib, bundan 55,8 million dollari XDTB krediti, 9,85 million dollari “Aloqabank” krediti, 6,78 million dollari “O‘zbektelekom” mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu loyiha doirasida axborot uzatish magistral transport tarmog‘ining o‘tkazish quvvatini xalqaro yo‘nalish bo‘yicha 100 Gbit/soniyaga yetkazish, Toshkentdan viloyat markazlarigacha 40 Gbit/soniyaga va tuman markazlarigacha 10 Gbit/soniyaga yetkazishni nazarda tutilgan.
FTTx texnologiyasi bo‘yicha keng polosali optik tarmoqlarni rivojlantirish loyihasining umumiy qiymati 8,036 million dollar bo‘lib, bundan 5,8 million dollari XDTB krediti, 1 million dollari “Aloqabank” krediti, 1,1 million dollari “O‘zbektelekom” mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu loyiha doirasida 69 120 portga ega FTTx tarmoqlarida GPON texnologiyasi bo‘yicha axborot uzatishni ta’minlaydigan 17 ta kommutatsiya qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Izoh (0)