Ikki qizning otasi ichkilikka ruju qo‘yib, ayoli bilan tez-tez janjallasha boshladi. Bu haqda O‘zbekiston bosh prokuraturasining “Huquq” nashriga tayanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda.
Kunlarning birida ishdan tushlik qilish maqsadida uyiga kelgan erkak dasturxon ustida, ikki qizining oldida ayoli bilan gap talashib, tortishib qoldi. Ularning janjaliga aralashgan qizlaridan biriga ham do‘q-po‘pisa qildi. Ovqatlanib bo‘lishgach, erkak biroz mizg‘ib olish maqsadida mehmonxonaga kirib ketdi.
Biroq qizi tushlik mahalidagi otasining onasiga qilgan muomalasi-yu o‘ziga qilgan po‘pisalarini “hazm” qilolmay, onasi uchun otasidan qasos olmoqchi bo‘ldi. U qozonda qiziyotgan paxta yog‘ini uxlab yotgan otasining ustidan quyib yubordi. Qaynoq yog‘dan bosh, yuz va yelkalari kuygan ota dodlab uyg‘onib qarasa, tepasida qozon ko‘targancha qizi turardi. U o‘rnidan turishga chog‘langan otasiga qozondagi qolgan yog‘ni ham quyib yubordi.
Achishish va og‘riqdan azob chekayotgan otasining “Nega bunday qilding, qizim?” — degan savoliga qiz “Onamni siz shuncha paytdan buyon haqorat qilib, qiynab kelyapsiz. Siz ham qiynalish qanday bo‘lishini bir ko‘ring”, — dedi tap tortmay.
Qo‘shni xonadan yugurib chiqqan onasi tutaqib, qiziga baqira ketdi va tez yordam chaqirdi. Jigarporasining qilmishidan ham tani, ham dili ozor chekkan ota kasalxonada o‘n kun davolanib chiqdi.
Ota o‘z farzandiga yomonlikni ravo ko‘rmadi: qizining qilmishini kechirdi. Sud sudlanuvchi qizga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Sudlanuvchiga qanday jazo tayinlangani va voqea qayerda ro‘y bergani haqida ma’lum qilinmagan.
Izoh (0)