22-dekabr kuni Naxabino aholi punktida 9 yoshli qizchani garovga olgan O‘zbekiston fuqarosi Rustam Odilov sud qarori bilan hibsga olindi. Bu haqda Moskva viloyati Tergov qo‘mitasi bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga iqtibos qilgan holda “Interfaks” agentligi ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
“Odilov o‘z aybini bo‘yniga oldi va qilgan jinoyatidan afsuslanmoqda. Yaqin kunlarda unga ayblov e’lon qilinadi”, − deb axborot berdi tergov qo‘mitasi vakili. So‘roq paytida ayblanuvchi bu jinoyatni tovlamachilik maqsadida sodir etganligini ma’lum qilgan.
Hozirda Odilov shifoxonada politsiya xodimlari nazoratida saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22-dekabr kuni asli toshkentlik O‘zbekiston fuqarosi Rustam Odilov pistolet bilan qurollangan holda Naxabinoda joylashgan xonadonlardan biriga bostirib kirgan. Jinoyatchi unga eshik ochgan ayolni ichkariga itarib, undan pul talab qilgan.
Biroq biroz o‘tib, ayol qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin, Odilov bekinishga harakat qilgan, biroq ko‘chada turgan politsiya xodimlarini ko‘rib, ayolning 9 yoshli nevara qizini garovga olgan. Jinoyatchini qo‘lga olish bo‘yicha xavfsizlik idoralari tomonidan uyushtirilgan tadbir vaqtida jinoyatchi qarshilik ko‘rsatib, oyog‘i va qo‘lidan jarohat olgan edi.
Izoh (0)