Toshkentda 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha O‘zbekiston Ekologik harakatining konferensiyasi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B. Alixonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha konferensiya yakunlariga to‘xtalib, unda O‘zbekiston Ekologik harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalaridan saylangan 350 nafar delegatdan 342 nafari, jumladan, 74 nafar xotin-qiz ishtirok etganini ta’kidladi.
Markaziy saylov komissiyasi vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, xorijiy kuzatuvchilar qatnashgan konferensiyada amaldagi qonunchilikka ko‘ra, delegatlar orasidan atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligini saqlash, mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan Ekoharakat faollaridan 15 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputat etib saylandi.
Ekoharakat konferensiyasi shaffof, oshkora va demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tganini unda ishtirok etgan xorijiy kuzatuvchilar ham alohida e’tirof etdi.
Matbuot anjumanida Ekologik harakat va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhining oxirgi besh yilda amalga oshirgan ishlari xususida so‘z bordi. Mamlakatimizda aholi manfaatlarini himoya qilish, tabiiy muhitni saqlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Kelgusida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijro etilishi ustidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.