Yaqin yillarda Toshkentning beshta tumanida oltita yangi ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladi. Bu haqda Toshkent Arxitektura va qurilishi bosh boshqarmasi rahbari Asomiddin Tojiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Podrobno.uz”.
Jumladan, Chilonzor, Uchtepa, Olmazor, Yakkasaroy tumanlarida bittadan, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa ikkita yangi ko‘p qavatli avtoturargoh qad rostlaydi. Bunday inshootlarning o‘rtacha qiymati 6-11 milliard so‘mga baholanmoqda. 4-5 qavatli bo‘ladigan avtoturargohlar 300-500 avtomobilni sig‘dira olishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, hozirda “Chorsu” bozori yaqinida va “Samarqand darvoza” savdo-ko‘ngilochar majmuasi oldida ko‘p qavatli avtoturargohlar faoliyat ko‘rsatmoqda. “Samarqand darvoza” oldida yana bir shunday inshoot qurilishi rejalashtirilmoqda. Toshkent otchopari yaqinida qurilishi tugallanayotgan 4 qavatli yangi avtoturargoh esa 480 avtomobil uchun mo‘ljallangani qayd etilgan.
Izoh (0)