Xorazm viloyatida litsenziyasiz taksi xizmati ko‘rsatgan haydovchilardan 20 million 526 ming so‘m jarima undirildi, deb xabar bermoqda, O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-son qarorlarining ijrosi doirasida O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, Xorazm viloyatida 2014-yil noyabr oyi mobaynida 15 ta qo‘shma reyd tekshiruvlari o‘tkazildi.
Ushbu reydlarda 101 ta qonunbuzarlik faktlar aniqlangan bo‘lib, shundan 55 tasida – litsenziya talablari va shartlarining buzilganligi, 46 tasida esa litsenziyasiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari qayd etildi. G’ayriqonuniy faoliyat yuritgan haydovchilarga sud organlari tomonidan jami 20 million 526 ming so‘m miqdorda jarimalar qo‘llanildi.
Qo‘shma reydlar chog‘ida yo‘lovchilar tashishda foydalanilayotgan avtobus va mikroavtobuslarning texnik holati, belgilangan yo‘nalish va jadvallar bo‘yicha harakatlanishi ham nazorat qilindi.
Aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bu kabi muammolarga jamoatchilik e’tiborini tortish maqsadida reydlarga viloyat televideniyasi ham jalb qilinib, avtotransportda yo‘lovchi tashish sohasidagi qonun buzilishi holatlari va buning oqibatlari “Avtoreyd” ko‘rsatuvida namoyish etildi.
O’zbekiston avtomobil va daryo transpori agentligi Xorazm viloyat bo‘limi, viloyat YHXB va DSB o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu noqonuniy tashish faoliyatiga qarshi kurashda samarali qo‘llanilmoqda.
Izoh (0)