Sun’iy yo‘ldoshlardan olingan oxirgi suratlar Shimoliy Koreya yaqin orada yadroviy sinovlarni o‘tkazishi dargumonligidan darak beradi. Bu haqda Jon Xopkins universitetining Amerika-Koreya instituti xabariga asoslanib “Kun.uz” ma’lum qildi.
“Past darajadagi faollikka asoslangan holda, Shimoliy Koreya yaqin 2-3 oy ichida yadroviy sinovlarni o‘tkazishi ehtimoldan uzoq”, – deb aytiladi institut saytida berilgan axborotda.
Shimoliy Koreyaning Pungeri poligonining sun’iy yo‘ldoshdan olingan oxirgi suratlari bu yerda yadroviy qurolni portlatishga tayyorgarlikning hech qanday alomatlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Pxenyan Shimoliy Koreyaning inson huquqlarini buzayotganligiga qarshi qabul qilingan BMT rezolyutsiyasiga javob tariqasida G‘arb mamlakatlarini yadroviy sinovlarni o‘tkazishi bilan qo‘rqitgan edi.
Shimoliy Koreyada bunday sinovlar oxirgi marta 2013-yilning fevralida o‘tkazilgan edi.