O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Yuriy Sarkisyan Avstraliyada o‘tadigan Osiyo kubogi bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasidan ijobiy natijalar kutmoqda. Bu haqda faxriy mutaxassis “Sports.uz” portaliga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
“Har qanday mamlakatning futboliga terma jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yin va erishayotgan yutuqlariga qarab baho berishadi. Men jamoamizdan yorqin va samarali o‘yinlarni kutyapman. Chunki yurtimizda sportning bu turi rivoji uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Termamizning to‘laqonli tayyorgarlik ko‘rishi uchun ham jiddiy e’tibor berildi.
Murabbiyga ‘Mana bu futbolchini tarkibga olish kerak, mana bunisini olmaslik lozim’, deb maslahat berishdan osoni yo‘q. Murabbiy o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, terma jamoa safiga ayni paytda yuqori darajadagi sport tayyorgarligiga ega bo‘lgan o‘yinchilarni chaqiradi. Tarkibimizda Osiyo darajasidagi yuqori saviyada futbol ko‘rsatish imkoniyatiga ega futbolchilar mavjud. Nasib qilsa, ulardan yaxshi natijalarni kutamiz”, — dedi Sarkisyan.
Izoh (0)