2014-yilning 9-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuniga bag‘ishlangan ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashni olib borayotgan davlat organlarining mas’ul xodimlari, xalqaro tashkilotlar – BMT Tarraqiyot dasturi (UNDP), Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODS), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Germaniyaning xalqaro huquqiy hamkorlik fondi (IRZ), Jahon banki, fuqarolik jamiyati institutlari – “Ijtimoiy fikr” markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” fondi, “Kamolot” harakati, Advokatlar palatasi, siyosiy partiyalar va ilm-fan vakillari ishtirok etdi.
Qayd etib o‘tilganidek, 2003-yil 9-dekabrda Merida (Meksika) shahrida yuqori darajadagi Siyosiy konferensiya ish boshlagan bo‘lib, unda dunyoning 100 dan ortiq davlatlari vakillari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolangan. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bu kun Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda 173 davlat Konvensiya ishtirokchilari xisoblanadi. 2008-yil 7-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi va O‘zbekiston ushbu g‘ayriijtimoiy illatning oldini olish va unga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.
Yig‘ilish qatnashchilari korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurash borasida respublikada amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan prokuratura organlarining bu sohadagi faoliyati bilan tanishtirildilar.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan korrupsiya mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazuvchi, demokratik institutlarni zaiflashtiruvchi, ijtimoiy tartibni buzuvchi va jamiyat ishonchini poymol etuvchi illat sifatida e’tirof etib, uning oldini olish va unga barham berishda davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati o‘zaro hamkorligining zarurligi qayd etildi.
Izoh (0)