AQSh prezidenti Barak Obama JavaScript tilida qisqa dastur yozgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi, deb xabar beradi “Kun” “Lookatme.ru” axborotiga tayanib.
Qayd etilishicha, Obama 8-dekabr kuni Hour Of Code (“Kod vaqti”) ilmiy aksiyasining ikkinchi bosqichida qatnashgan. Shu munosabat bilan AQSh rahbari Oq uyda Nyu-Jersi maktablaridan birining 20 nafar o‘quvchisini qabul qilib, ular bilan birga qisqa dastur yozishga urinib ko‘rgan.
Aksiya tashabbuskori hisoblangan “Code.org” notijorat tashkiloti asoschisi Xedi Partovining aytishicha, Obama boshlovchilar uchun darslikni oxirigacha o‘qimagan, lekin Google Blockly vizual-muharririda bir necha mashq bajarib, JavaScript’da qisqa dastur yozgan. Obamaning dasturi uchun asosni o‘quvchi Adrianna Mitchell yaratdi.
Partovining aytishicha, prezident satrlarni juda tartibli yozgan.
Barak Obama 2013-yilda dasturlashni qo‘llab-quvvatlab nutq so‘zlagan va dasturlashni har bir amerikalik va butun mamlakatning kelajagi asosi deb ta’kidlagan edi. Ammo unda prezident hali kod yozishga urinmagandi.
Ma’lumot uchun, Hour Of Code aksiyasi 2013-yildan beri o‘tkaziladi. Tashkilotchilar o‘quvchi va talabalarni dasturlashda o‘zlarini sinab ko‘rish uchun hech bo‘lmasa bir soat vaqt ajratishga chaqiradi. O‘tgan yili aksiyada 53 millionga yaqin odam ishtirok etgan edi. Bu yil “Code.org” ishtirokchilar sonini 100 million kishiga yetkazishni mo‘ljallagan.
Izoh (0)