O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent viloyati Kengashi tomonidan Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda ijtimoiy hayotda faol qatnashayotgan yosh oilalarga “Kamolot uylari”ning topshirish marosimi tashkil etildi. Bu haqda “Kamolot” YoIHning rasmiy saytida xabar berildi.
Joriy yilda Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq shaharlari, Bo‘stonliq va Ohangaron tumanlarida “Kamolot uylari”dan jami 135 tasi yosh oilalarga topshirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi munosabati bilan yosh oilalarni qo‘llab-quvatlash maqsadida joriy yilning 6-dekabr kuni Toshkent viloyati Angren shahrida shahar hokimligining sa’y-harakatlari bilan “Kamolot” YoIH faollari bo‘lgan yosh oilalarga imtiyozli ipoteka kreditlar asosida to‘rt qavatli 20 ta xonadondan iborat “Kamolot uylari”ning kalitlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va ularning ota-onalari, keksa otaxon va onaxonlar, “Kamolot” YoIH faollari qatnashdi.
Ushbu uylarda barcha qulayliklar mavjud bo‘lib, xonadonlar tabiiy gaz, issiq va sovuq suv, telefon aloqasi, elektr energiyasi bilan to‘liq va uzluksiz ta’minlangan.
Izoh (0)