Namangan viloyati Norin tumanida “Baxt uyi” va tuman davlat notarial idorasining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan mazkur ijtimoiy obyektlarning ochilish marosimida Prezident rahnamoligida milliy mentalitet asosida yaratilgan oila institutining huquqiy asoslari va azaldan milliy qadriyatlar o‘chog‘i bo‘lgan oilaning jamiyat mustahkamligi va mamlakat taraqqiyotida tutgan o‘rni alohida ta’kidlandi.
“Konstitutsiyamizning 63-moddasida ‘Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi’, deb belgilab qo‘yilgan, — dedi viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev. — Mazkur ‘Baxt uyi’ hamda notarial idora Bosh qomusimizning oila mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan ana shu kafolatini himoya qilish va aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi”.
Milliy va zamonaviy me’morlik andozalari asosida bunyod etilgan yangi binolarda barcha sharoit yaratilgan. Baxt uyining tantanalar zali, arxiv va boshqa maishiy-xo‘jalik xonalari zamonaviy jihozlangan.
Shu kuni yangi binoda Mahbuba va Jahongir Sarimsoqovning nikohlari qayd etilib, ularga nikoh guvohnomalari topshirildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi B. Yusupov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)