Avvalroq huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev “Tilga e’tibor — elga e’tibor” nomli loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rasmiy saytining domeni nomida imloviy xatolik mavjudligi haqida Qo‘mitaga tegishli tartibda taklif bilan murojaat qilgan edi. “Xushnudbek.uz”da ma’lum qilinishicha, mazkur taklifga javob maktubi kelgan.
“My.gov.uz” — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilgan xatga Qo‘mitadan kelgan javobda Qo‘mita minnatdorchilik izhor qilgan holda, imloviy xato haqidagi taklifning o‘rganib chiqilgani va ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “davarh.uz” domenini “davarx.uz” domeniga almashtirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi taklif xatini olgach, besh kun ichida tegishli domenni rasmiylashtirgan.
Bugungi kunga kelib, Qo‘mita rasmiy sayti “davarx.uz” manziliga to‘liq o‘tkazildi.
Avvalgi imloviy xatosi mavjud bo‘lgan “davarh.uz” manzili terilsa, ekranda quyidagicha ma’lumot paydo bo‘lmoqda:
Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev xuddi shunday xat bilan “O‘zkommunxizmat” agentligiga ham murojaat qilgan. Agentlik rasmiy sayti manzilida ham imloviy xatolik mavjud bo‘lib, agentlikdan taklif natijasi haqida ma’lum qilinishi bitilgan javob xati kelgan.
Bugungi kunda Agentlik ham taklif qilingan domen nomini rasmiylashtirgan.
Biroq sayt hali to‘liqligicha yangi manzilga o‘tkazilgani yo‘q. “Xushnudbek.uz” agentlik saytining yangi manzilga tez orada to‘liqligicha o‘tkazilishiga va agentlik ham xuddi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi kabi o‘z xatosini to‘g‘rilashiga ishonch bildirgan.
Izoh (0)