4-dekabr kuni Shveysariyaning Lozanna shahrida o‘tkazilgan UEFA majlisida Qrim jamoalari taqdiri hal qilindi. Majlisda Qrim “alohida futbol hududi” deb e’tirof qilindi hamda Qrim jamoalari 2015-yil, 1-yanvardan boshlab Rossiya chemopionati ishtirokchisiga aylanishi haqidagi taxminlar yo‘qqa chiqarildi. Bu qaror haqida “Kun.uz” xabar berdi.
UEFA ijro qo‘mitasi a’zolaridan biri Frantishek Lavrinets Qrim futboliga rahbar etib tayinlandi va u endi mahalliy futbolni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.
UEFA bosh kotibi Janni Infantino Rossiyada 2018-yilda o‘tkaziladigan mundialdan keyin ham Qrim futboli alohida rivojlanishda davom etishini ma’lum qilgan. Biroz oldinroq FIFA shunday reja mavjudligi haqida bildirib o‘tgan edi.
“UEFA tashkiloti FIFAga qaram emas. Biz o‘z hududimizdagi ishlarni o‘zimiz hal qilamiz”, – deb fikr bildirgan Janni Infantino.
Rossiya sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko esa, bu qarordan juda norozi ekanligini izhor qilgan. “Axir ular qayerda o‘ynashadi? Ukrainada o‘ynash mumkin emas? Rossiyada o‘ynash mumkin emas? UEFA umuman futbol haqida o‘ylamayapti!”, – deb intervyu bergan Vitaliy Mutko.
Qayd etib o‘tamiz, Qrim hududidagi “Tavriya”, “Sevastopol” va “Jemchujina” jamoalari Ukraina chempionatida ishtirok etib kelgan, 2014-yil boshida Qrim masalasi ko‘tarilgach, bu 3 jamoa Rossiya quyi ligalarida qatnashishi rejalashtirilayotgan edi.
Izoh (0)