O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Dubayda o‘tkazilayotgan yig‘in va “Oklend Siti” jamoasiga qarshi kechgan nazorat uchrashuvi borasida fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
“Yig‘in rejadagidek davom etmoqda. Legionerlardan Timur Kapadze va Anzur Ismoilov tarkibga qo‘shilgan. Kecha Server Jeparov ham yetib keldi. Ammo u faqat dushanbadan mashg‘ulotlarga qo‘shiladi, ungacha esa yakka tartibda mashg‘ulot o‘taydi. Server 29-noyabrda ‘Seongnam’ tarkibida maydonga tushgan. Shuning uchun unga biroz dam berishga qaror qildik.
‘Oklend Siti’ga qarshi kechgan o‘yinga kelsak, bu o‘yinda ikki xil tarkibni sinovdan o‘tkazdik. Birinchi bo‘limda bir tarkib, ikkinchisida esa boshqa tarkib maydonga tushdi. Futbolchilardan ko‘nglim to‘ldi”, − dedi Qosimov.
“Oklend Siti”ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida bir yo‘la uch hujumchi − Vohid Shodiyev, Igor Sergeyev va Kamoliddin Murzoyevlarni maydonga tushirilishidan qanday maqsad ko‘zlangani haqidagi savolga O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiy quyidagicha javob berdi:
“Bu o‘yinda natija muhim emas edi va turli uslublarni ko‘rib chiqishni maqsad qilgan edik. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsadga erisha oldik. Biz uchun futbolchilarning tayyorgarligi muhim”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubaydagi birinchi yig‘in davomida 10-dekabrda Quvayt va 13-dekabrda Falastin terma jamoalari bilan ham o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi.
Izoh (0)