Janubiy Afrika Respublikasida timsoh 29 yoshli golf o‘yinchisiga hujum qildi. Bu haqda Bloomberg’ga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
Voqea Kryuger milliy bog‘ida sodir bo‘ldi. Bu mamlakatdagi bu turdagi eng yirik tabiiy obyekt hisoblanadi. Jak van der Sandt — shu bog‘ xodimining o‘g‘li sayyohlik lagerlaridan birida joylashgan maydonda golf o‘ynayotgan edi.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, yigit o‘yindan so‘ng sun’iy suv havzasi yoniga borgan. Unda esa to‘rt metrli yirtqich yashiringan ekan. Bunday suv havzalari golf maydonlarida odatda to‘siq sifatida yaratiladi.
Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, van der Sandt o‘yindan so‘ng do‘sti bilan ko‘lga sakray boshlagan. Navbatdagi sakrashdan so‘ng esa ulkan timsohning o‘ljasiga aylangan. Nima bo‘lganda ham, ikki soatdan so‘ng sportchining timsoh tishlarining izlari qolgan jasadini topishdi.
Keyinroq timsoh otib tashlangan. Bog‘ rahbariyati halok bo‘lgan yigitning oilasiga ta’ziya bildirib, bu hodisa yuzasidan tekshiruv ishlarini boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, qishki uyqu tugab, yomg‘irlar mavsumi boshlanganda, timsohlar faollashib, ancha tajovuzkor bo‘lib qoladi. Sudraluvchi erkakni ko‘rib, darhol unga tashlangan va suv tagiga olib kirib ketgan.
Statistika ma’lumotlariga qaraganda, bu yil butun dunyo bo‘yicha 280 kishi timsoh hujumi qurboni bo‘lgan.
Izoh (0)