AQShning Arizona shtatida joylashgan Finiks shahrida oq tanli politsiyachi afro-amerikalik erkakni otib qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
Qayd etilishicha, to‘rt nafar farzandning otasi bo‘lgan Rumeyn Brisbon qora Cadillac avtomobilida o‘tirgan vaqtda ikki kishi politsiyachiga u narkotik moddalar bilan shug‘ullanuvchi shaxs ekanini aytgan. Mashinaning orqa o‘rindig‘idan nimanidir olayotganini ko‘rgan politsiyachi unga qo‘llarini ko‘rsatishni buyurgan.
Politsiya departamenti bergan xabarga ko‘ra, Brisbon bir yoki ikki qo‘lini beliga qo‘yib, keyin qochishga uringan va yo‘l bo‘yi politsiyachini haqoratlab borgan. Ofitser unga yetib olib, to‘pponchani afro-amerikalikning cho‘ntagiga to‘g‘rilagan. Ular yonida turgan uy egasi eshikni ochganda ular uyga kirib qolgan, shu vaqtda ofitser o‘zini boshqarolmay qolib o‘q uzgan.
Yetib kelgan yordam guruhi Brisbon vafot etganini qayd etgan. Brisbonning cho‘ntagida to‘pponcha emas, balki odatda narkotik modda sifatida ishlatiladigan tinchlantiruvchi dori topilgan. Mashinadan ham marixuana deb taxmin qilinayotgan modda va yarimavtomat to‘pponcha topilgan.
Voqeadan biroz oldin Brisbonning mashinasida bo‘lgan kishining aytishicha, qurbon bolalariga ovqat olib ketayotgan bo‘lgan. Shuningdek, u afro-amerikalik erkak politsiyachini haqorat qilmaganini ham qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda AQShning ko‘plab shaharlarida politsiyachilar tomonidan ikki nafar afro-amerikalik o‘smir otib o‘ldirilganini qoralab norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)