O‘zbekistonda pista daraxti haqida batafsil ma’lumot beruvchi, shuningdek pista yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlarning fikr almashinuviga mo‘ljallangan “Pistachio.uz − Pista haqidagi portal” ishga tushdi.
“Ushbu sayt hududimizdagi noyob daraxt – pista daraxti haqida barchaga, bizning nuqtai nazarimizdan, to‘liq bo‘lgan axborotni olishga yordam beradi. Ushbu daraxt bo‘m-bo‘sh, qarovsiz va kam hosildor tog‘ yon bag‘irlarini – o‘rmonzorlarga aylantirish, aholisini esa badavlat qilish imkonini beradi.
Saytimizdan siz pista daraxtini qayerda, nima uchun va qanday qilib ekish kerakligini bilib olasiz. Bu yerda e’tiboringizga pistazorlarga to‘g‘ri keladigan tabiiy shart-sharoitlar va suvsiz joylar; pista daraxtini o‘stirish texnologiyasi haqidagi ma’lumotlar; uni o‘stirishdan olinadigan daromaddan dalolat beruvchi hisob-kitoblar hamda boyligingiz ko‘payib borishi jarayoni bilan tanishasiz. Ushbu sayt orqali har bir fermer tajriba almashishi, maslahat olishi hamda Biznes-taklif bo‘limi orqali o‘z mahsulotini sotish uchun taqdim etishi mumkin. Yodingizda bo‘lsin, pistachilikdan nafaqat mahsulotini o‘stirish, balki uni qayta ishlash va u bilan savdo qilish orqali ham boylik orttirish mumkin”, − deyiladi saytning loyiha haqidagi sahifasida.
Sayt Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazining jamoasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Sayt Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GiZ) orqali Germaniya Federativ Respublikasi Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadroviy reaktorlar va binolar xavfsizligi federal vazirligining Xalqaro tashabbusini amalga oshirish doirasida moliyalashtirilayotgan hamda GEFning O‘zbekistondagi Kichik Grantlar Dasturi va Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Mixael Zukkov Fondi loyihasi ko‘magida yaratilgan.
Izoh (0)