Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy tarzda olib o‘tilishining oldini olishga qaratilgan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 31 ta qonunbuzarlik holatida qiymati 30 million so‘mga yaqin salkam 8,5 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.
Jumladan, Dehqonobod tumanining chegaradosh hududida istiqomat qiluvchi fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida va amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, somonxonada salkam 14 million so‘mlik 3999 quti “Kent” nomli sigaretalar qo‘shni davlatga olib chiqish uchun noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.
Tumandagi aylanma yo‘llarning birida to‘xtab turgan “Neksiya” mashinasi bojxonachilarning diqqatini o‘ziga tortdi. Ikki fuqaro mazkur mashinadan yuk sumkalari va qutilarni tushirayotgan paytda, yuklar o‘rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada qiymati 14 million so‘mlik 4000 quti “Kent” tamaki mahsulotlarining qo‘shni davlatga yashirincha olib chiqilishi rejalashtirilgani fosh bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)