“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Competizione dell’Opera opera ijrochilari xalqaro tanlovining gala-konserti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Bu yilgi nufuzli xalqaro tanlov yuksak saviyada tashkil etilgani va unda ko‘plab iqtidorli yosh opera ijrochilari qatnashgani bilan ajralib turdi. Xalqaro hay’at a’zolari san’at forumining yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shuni alohida ta’kidladi. Ekspertlar o‘zbekistonlik yosh ijrochilar mahoratiga yuksak baho berdi.
O‘zbekiston yoshlari Competizione dell’Opera tanlovida uch yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. 2012-yilda o‘tkazilgan anjumanda mamlakatimizdan birinchi bo‘lib qatnashgan va tanlovning kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandasi Rahim Mirzakamolov birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgandi. 2013-yilda esa yana bir yurtdoshimiz – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ramiz Usmonov tanlovda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shuni qayd etish joizki, 2013-yildan boshlab tanlovning Markaziy Osiyo mintaqaviy saralash eshituvlari Toshkentda o‘tkazib kelinmoqda.
Bu yil o‘n to‘rtinchi marta tashkil etilgan ushbu nufuzli tanlov mintaqamizda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Avstriyadagi Competizione dell’Opera xalqaro tanlovi assotsiatsiyasi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman yarim finalining birinchi turida Osiyo, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasidan 60 dan ziyod ijrochi ishtirok etdi. Ularning 30 nafardan ortig‘i, jumladan, 10 nafar yurtdoshimiz ikkinchi turga o‘tdi. Finalda esa eng yaxshi yosh italyan opera ijrochisi unvoniga da’vogarlik qilgan 20 san’atkorning besh nafarini O‘zbekiston vakillari tashkil qildi.
Competizione dell’Opera tanlovi yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘ringa yurtdoshimiz, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandasi Barno Ismatullayeva munosib deb topildi. Ikkinchi o‘ringa Belarus opera ijrochisi Pavel Pyatro sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni rossiyalik Mariya Bayankina va o‘zbekistonlik Jabroil Idrisov egalladi.
Tanlov doirasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari, V. Uspenskiy hamda R. Glier nomidagi musiqa litseylari o‘quvchilari uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda taniqli dirijyor va bastakor, Bellini xalqaro festivali bosh direktori Mauritsio Champi (Italiya), N. Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasi professori Grayr Xenedanyan (Rossiya), U. Gajibeyli nomidagi Boku musiqa akademiyasi rektori, Gabala Music xalqaro mumtoz musiqa festivalining badiiy rahbari Farhod Badalbeyli italyan operasini ijro etish usullarini takomillashtirish sirlari bilan o‘rtoqlashdi.
Toshkentda o‘tgan Competizione dell’Opera tanlovi mamlakatimiz madaniy hayotida yorqin voqea bo‘ldi. Mazkur madaniyat va san’at bayrami “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida gala-konsert bilan nihoyasiga yetdi.
Izoh (0)