Toshkent shahar jamoat transportida 2014-yilning dastlabki o‘n oyi davomida transport vositasi salonida yo‘lovchining yiqilishi bilan bog‘liq 22 ta hodisa qayd etildi. Bu haqda “Poytaxt transporti” gazetasiga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
“Haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda transport vositasini boshqarish vaqtida qaltis tormoz berish, keskin manyovrni amalga oshirishlari oqibatida salon ichidagi yo‘lovchilar tan jarohatini olmoqdalar”, – dedi “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini ta’minlash xizmati boshlig‘i Muhammadjon Qahhorov.
Yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda transport vositasini boshqarish holatlari sifatida harakatlanib ketayotgan transport vositasi bilan yetarlicha oraliq masofani saqlamaganlik, harakat muntazamligiga rioya qilmasdan oraliq bekatda ortiq to‘xtab turib, so‘ngra transport vositasini katta tezlikda boshqarish kabilar ko‘rsatib o‘tilgan.
“Demak, haydovchilar bilan piyodalarga e’tiborliroq bo‘lish, tezlikni oshirmaslik, harakat muntazamligiga rioya qilish va har bir oraliq bekatda ortiqcha to‘xtab turmaslik bo‘yicha tasarruf xodimlari bilan hamkorlikda profilaktik ishlarni olib borishni kuchaytirish tavsiya etiladi”, – dedi Qahhorov.
Izoh (0)