Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon tumanidagi maktablardan birida O‘zbekiston madhiyasi qo‘yilgani bilan bog‘liq mojarodan so‘ng tuman rahbariyati o‘zgardi. Bu haqda “24.kg”ga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
Qayd etishlaricha, tuman akimi (hokimi) Shomil Ortiqov va uning o‘rinbosari Abdilakim Gaparov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Bu haqdagi tegishli farmoyishni Qirg‘iziston bosh vaziri Jo‘mart Otorbayev imzolagan.
Boshqa bir farmoyish bilan Qurbonbek Aytibayev Aravon tumani davlat ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Qayd etishlaricha, amaldorlar iste’fo haqida ariza bergan, bosh vazir esa ularning iltimosini qanoatlantirgan.
Oktabr oyi oxirida Aravon tumanining Tepaqo‘rg‘on ovul okrugidagi S. Matqosimov nomidagi 1-son maktabning 90 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan va mahalliy rahbarlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalarida O‘zbekiston madhiyasi ijro etilgan. Biroq Shomil Ortiqov bu faktni rad etgan edi.
Qirg‘iziston hukumatidagi manbalarning ma’lum qilishicha, tuman hokimining iste’fosi maktabda ro‘y bergan hodisa bilan bog‘liq emas. Ayni vaqtda, ma’lumotlarga ko‘ra, prokuratura organlari tumandagi maktabda haqiqatan ham O‘zbekiston madhiyasi ijro etilganmi-yo‘qmi, shu masalani tekshirishga kirishgan.
Izoh (0)