FIFA bugun, 27-noyabr kuni terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
O‘zbekiston terma jamoasi noyabr oyi reytingida birdaniga to‘qqiz pog‘ona pastlab, 74-o‘ringa tushib ketdi. O‘zbekiston terma jamoasi oktabr oyi reytingi bilan taqqoslaganda 50 ball yo‘qotgan.
Osiyoning barcha kuchli terma jamoalarida pasayish kuzatilgan. Eron besh, Yaponiya bir o‘rin pastlashi oqibatida Yaponiya 53, Eron esa 56-pog‘onaga joylashdi. Shunga qaramay, yaponlar Osiyoning eng yaxshi terma jamoasiga aylandi. Janubiy Koreya esa O‘zbekistondan o‘zib ketib, 69-o‘rinni band etdi va Osiyoning uchinchi jamoasiga aylandi. Keyingi o‘rinlarni BAA (85), Iordaniya (86), Ummon (96) va Qatar (98) terma jamoalari band etgan.
Osiyo Kubogida O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olgan terma jamoalarda quyidagicha o‘zgarishlar yuz berdi: Xitoy (99-o‘rin, 11 pog‘ona pastlash), Saudiya Arabistoni (106, 9 pog‘ona pastlash), KXDR (137, 11 pog‘ona ko‘tarilish).
Jadvalning dastlabki olti o‘rnida hech qanday o‘zgarish yuz bermagan. Tartib bo‘yicha Germaniya, Argentina, Kolumbiya, Belgiya, Gollandiya, Braziliya ketma-ket joylashgan. Portugaliya ikkita o‘rin yuqoriga ko‘tarilib, 7-o‘ringa chiqib oldi.
Yangi reyting bilan FIFA rasmiy saytida tanishib olishingiz mumkin.
Izoh (0)