Endilikda Yagona portal orqali tezkor va sodda ravishda 16 va undan katta yoshdagi nogironlarning reabilitatsiya markaziga order olishlari uchun elektron ariza taqdim etish mumkin, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining bosh “Tibbiy-mehnat ekspert komissiya”lari foydalanuvchilar (nogironlar va ularning qonuniy vakillari)dan arizalarni qabul qiladilar va xizmatlarni ro‘yxatdan o‘tkazadilar.
Ushbu xizmatdan Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tgan 16 va undan katta yoshdagi nogironlar hamda ularning qonuniy vakillari hisoblanmish barcha jismoniy shaxslar foydalanishlari mumkin.
Order berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining vakolatli xodimi tomonidan ariza qabul qilingan vaqtdan boshlab 2 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi va arizachining elektron manziliga xabarnoma jo‘natiladi. Foydalanuvchi (nogironlar yoki ularning qonuniy vakili) orderni olish uchun bosh, ixtisoslashgan, tumanlararo, tuman (shahar) “Tibbiy-mehnat ekspert komissiya”lariga xabarnomada ko‘rsatilgan muddat ichida murojaat qilishlari va 7 ish kuni mobaynida orderni pasportni taqdim etish orqali olib ketishlari shart. Ko‘rsatilgan muddat ichida olib ketilmagan order o‘z kuchini yo‘qotadi va qonuniy kuchga ega emas deb hisoblanadi.
Izoh (0)