Obama aktrisa Meril Strip va qo‘shiqchi Stivi Uanderni AQSh oliy fuqarolik mukofoti bilan taqdirladi
AQSh prezidenti Barak Obama aktrisa Meril Strip, qo‘shiqchi va bastakor Stivi Uander hamda chililik yozuvchi ayol Isabel Alyendani AQSh oliy fuqarolik mukofoti — Prezident ozodlik medali bilan taqdirladi, deya xabar bermoqda “TASS”. Tantanali marosim 24-noyabr, dushanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tdi.
Bu yil jami 19 kishiga — taniqli jamiyat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sport namoyondalariga Prezident ozodlik medali topshirildi.
Ozodlik medali 1945-yilda prezident Garri Trumen tomonidan jangovar harakatlar chog‘ida o‘zini ko‘rsatgan shaxslarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan. 1963-yilda esa prezident Jon Kennedi mukofot nizomini o‘zgartirdi, o‘shandan buyon u AQSh xavfsizligiga hissa qo‘shgan, butun dunyoda tinchlik uchun kurashgan hamda madaniy muvaffaqiyatlarga erishgan fuqarolarga beriladi.