O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligi bayrami arafasida Farg‘ona viloyatining Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining yangi binolari foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezident rahnamoligida aholi, xususan, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi shifo maskanlari barpo etish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Qirq yildan ziyod bolalar shifokori bo‘lib ishlaganman, — dedi 78 yoshli mehnat faxriysi Isroiljon Ahmedov. — Ammo mustaqillik yillarida Prezident rahnamoligida tibbiyot sohasida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarni, davlat tomonidan sohaga bu qadar ulkan e’tibor qaratilganini ko‘rmaganman. Bunday zamonaviy sharoitlarda aholi salomatligiga posbon bo‘lish har qanday shifokorga g‘urur bag‘ishlaydi”.
“O‘tgan yili qurilishi boshlangan shifoxona majmuasida shoshilinch, jarrohlik, reanimatsiya, qabulxona bo‘limlari bunyod etilgan edi, — dedi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A. To‘xtaqulov. — Bugun esa 100 o‘ringa mo‘ljallangan terapiya bo‘limi binosi hamda oshxona ish boshladi. Yangi bo‘limlar eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangani tufayli xastaliklarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri aniqlash hamda samarali davolash uchun katta qulaylik yaratildi. Keng va yorug‘ xonalarda shifokor va bemorlar uchun barcha sharoit mavjud”.
Izoh (0)