Ispaniya Bosh prokurori Eduardo Torres-Dulse 21-noyabr kuni Kataloniya jeneralitati (hukumati) prezidenti Artur Masga nisbatan 9-noyabr kuni mustaqillik to‘g‘risida so‘rovnoma tashkil etgani uchun ayblov e’lon qildi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar bermoqda.
El Pais nashrida qayd etilishicha, Artur Mas hukumat va qonunga bo‘ysunmaslik, mansabga oid jinoyat, xizmat lavozimini suiiste’mol qilish hamda davlat mulkini talon-taroj qilishda ayblanmoqda.
Ayblov Masdan tashqari, Kataloniya hukumati o‘rinbosari Joan Ortege va ta’lim ishlari bo‘yicha maslahatchi Irene Rigauga ham e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat hukumati va qonuniga bo‘ysunmagan shaxslar jarimaga tortilib, olti oydan ikki yilgacha davlat xizmatidan chetlatiladi. Mansabga oid jinoyatda ayblanganlar esa davlat ishlaridan yetti yildan o‘n yilgacha chetlashtirilishi mumkin.
Xizmat lavozimini suiiste’mol qilganlar olti oydan bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilinib, jarima va bir yildan uch yilgacha davlat ishlaridan chetlashtirish bilan jazolanadi. Davlat mulkini talon-taroj qilish qonunbuzarning jarima to‘lashi va olti oydan uch yilgacha davlat ishlaridan chetlashtirilishiga olib keladi.
Izoh (0)