“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Jizzax filiali tomonidan viloyatda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Viloyat hududini televideniye ko‘rsatuvlari bilan qamrab olishni kengaytirish hamda raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida “Qo‘ytosh” radio televizon stansiyasiga Yaponiyaning JBIC bankining imtiyozli krediti evaziga 2013-yil noyabr oyidan boshlab raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, test rejimida ishlashni boshladi. Ayni paytda viloyat aholisini raqamli televideniye dasturlari bilan qamrab olish darajasi 70 foizga yetdi.
“Raqamli teleuzatgich aholining televizion ko‘rsatuvlarni yuqori sifat va aniq tasvirda ko‘rish imkonini oshirdi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolbo‘tayev. — Bugungi kunda viloyat aholisi respublika televideniyesining 12 kanalini ko‘rmoqda”.
Yangi formatdagi teleuzatuvlarni qabul qiladigan apparatlar — televizor, tyuner va modemlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirdi. Shu kunlarda DVB-T standartidagi yer usti raqamli televideniyesi ko‘rsatuvlarni ushbu formatdagi ko‘rsatuvlarga moslangan DVB-T standartidagi tyunerlar yordamida qabul qilmoqda. Bu formatdagi ko‘rsatuvlarni qo‘shimcha qurilma o‘rnatmasdan televizorga oddiy DMV antennasini ushbu tyunerga ulash orqali bemalol ko‘rish mumkin. Mazkur tyunerlar hozir O‘zbekistondagi “Telmax elektroniks” MChJ tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Viloyat shahar va tumanlarida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Jizzax filialining “Yagona oyna” markazlarida aholiga servis xizmati va abonentlarga IP-TV interaktiv xizmatini ko‘rsatish joriy etilgan. Imkoniyati kengligi bois IP-TV interaktiv xizmatiga ulanish ko‘rsatgichi o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshdi. Bu talab borgan sari ortib bormoqda. IP-TV interaktiv xizmatida 62 telekanal mavjud bo‘lib, unda uch kunlik arxivni ortga qaytargan holda ko‘rish imkoniyati mavjud.
Jizzax shahar Zargarlik mahallasidagi 15 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga optik tolali kabel yotqizilib, yuqori tezlikdagi internet hamda IP-TV interaktiv xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
2013—2017-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli uzatish tarmog‘ini rivojlantirish” investitsiya loyihasi doirasida Jizzax shahri va Qo‘ytosh radio televizon uzatish markaziga yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi bilan Jizzax shahrida telekanallar soni 48, tumanlarda 24 taga yetadi.
Izoh (0)