Toshkent shahrida 1-noyabrdan e’tiboran tajriba tariqasida metrobus yo‘lga qo‘yildi. Bu haqdagi e’lonlar Toshkent metropolitenining “Habib Abdullayev” bekatiga joylashtirilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz.
Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Habib Abdullayev” metro bekatidan Yunusobod 12-mavzesidagi “Kiyim bozor” bekati oralig‘ida harakatlanuvchi 133-sonli “tezyurar” yo‘nalish ochildi.
E’tiborli tomoni, shahar jamoat transportida yo‘l haqi 1000 so‘m bo‘lgani holda, 133-“tezyurar” avtobuslarda yo‘l haqi 500 so‘mni tashkil etadi.
Loyiha tashkilotchilaridan biri – “8-avtobus saroyi”dan ma’lum qilishlaricha, hozirgi vaqtda yo‘nalishda to‘rtta avtobus harakatlanmoqda, so‘nggi avtobus 18:30da avtosaroyga qaytadi.