Sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo o‘yinlari 2-turida Bahrayn terma jamoasini 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi.
Tailandning Pxuket shahrida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarining sahro futboli musobaqasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi “C” guruhi 2-tur o‘yinida Bahrayn terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi va gollarga boy bo‘lgan uchrashuvda 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Tohir Abdurazzoqov uchrashuvda dublga erishgan bo‘lsa, yana bir golga Jamoliddin Sharipov mualliflik qildi. O‘zbekiston terma jamoasining yana bir goli bahraynlik futbolchiga avtogol sifatida yozildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi 1-tur o‘yinida 15-noyabr kuni Xitoy terma jamoasiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ahad Yusupov bosh murabbiyligidagi sahro futboli bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda “D” guruhi jamoalaridan biriga qarshi bahs olib boradi. Ma’lumot o‘rnida “D” guruhida Yaponiya, BAA va Malayziya terma jamoalari bahs olib bormoqda.
Osiyo o‘yinlari (Sahro futboli, erkaklar, “C” guruhi, 2-tur)
O‘zbekiston — Bahrayn: 4:3
Gollar: Al Dosari (26 avtogol), Tohir Abdurazzoqov (32, 33), Jamoliddin Sharipov (36) — Al Dosari (3), Al Abdulla (22), Al Mugavi (35)
Izoh (0)