O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida Prezidentning 2014-yil 31-oktabrdagi “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Unda turli vazirlik va idoralar, jamoat va ijodiy tashkilotlar vakillari, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahallalar faollari, noshirlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlari o‘qituvchilari, talabalar qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi B. Ahmedov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T. Norboyeva, O‘zbekiston Bastakorlari uyushmasi raisi R. Abdullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z. Ibrohimova va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy adabiyotni ravnaq toptirish, uning rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan ijodkorlar xotirasini e’zozlash, ularning adabiy merosini keng targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Shoira yubileyiga bag‘ishlab O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir qator ijodiy-ma’rifiy loyihalarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. “Saodat” jurnali qoshida “Zulfiyaxonim maktabi” nomli to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ustoz mahoratini yosh ijodkorlarga o‘rgatish, teatr jamoalarida “Xotiram siniqlari” dostoni asosida tayyorlangan spektakl namoyishini tashkil etish, “Zulfiyaxonim – mehr-muhabbat va sadoqat timsoli”, “Ma’naviy jasorat sohibasi” mavzusida insholar tanlovi, “Sharqning billur ovozi” nomli fotoko‘rgazmani o‘tkazish shular jumlasidandir. O‘quv maskanlari, mahallalar, mehnat jamoalarida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar ishtirokida mushoiralar, davra suhbatlari, ijodiy muloqotlar o‘tkazish, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining yangi kitoblarini chop etishga ko‘maklashish, shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan veb-saytni yanada takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova so‘zga chiqdi.
Izoh (0)