“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov kampaniyasi shu yilning 15-sentabrida boshlangani va saylov 21-dekabrda o‘tkazilishi munosabati bilan “Saylov — 2014” ijtimoiy so‘rovini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda aholining turli ijtimoiy guruhlari vakillari — erkaklar va ayollar, yoshlar, pensionerlar, shahar va qishloq aholisi ishtirok etdi.
“Saylov paytida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga deputatlikka nomzodlarning qaysi jihatlari siz uchun muhim?” degan savolga javob berilar ekan, nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy xususiyatlari, odob-axloqi, demokratik qadriyatlar va milliy an’analarni hurmat qilishi, professionalligi va chet tillarni bilishi alohida ajratib ko‘rsatildi. So‘rov ishtirokchilari deputatlikka nomzodlar jamiyatda, mahallalarda obro‘-e’tibor qozongan va hayotiy tajribaga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Fuqarolar uchun nomzodlarning oiladagi maqomi ham muhim ahamiyatga ega. So‘rovda fuqarolar o‘z nomzodini saylashda uning ijtimoiy ahvoli, qaysi siyosiy partiyaga mansubligini e’tiborga olishini ham ma’lum qildi.
Ijtimoiy so‘rov fuqarolarning ijtimoiy kayfiyati balandligi, shu yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etishga tayyor ekanidan dalolat beradi.
Izoh (0)