G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi keskinliklarga qaramay Vladimir Putin Shveysariyaning Davos shahrida har yili bo‘lib o‘tadigan Butunjahon iqtisodiy forumiga taklifnoma oldi, deb xabar bermoqda “Yevropeyskaya Pravda”.
Bloomberg’ning yozishicha, Putin forumga borishni rejalashtirmagan. Shunga qaramay, prezidentning o‘rniga Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev borishi mumkin. Rossiya hukumati vakilining Davos forumidagi ishtiroki hozir G‘arb bilan yuzaga kelgan qarama-qarshilikni aks ettirmasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, sanksiyalar mo‘ljaliga aylangan Rossiyaning “Sberbank” va “Vneshtorgbank” banklari forumning strategik hamkorlari hisoblanadi. Forumning ba’zi ishtirokchilari ham Rossiya vakillarining taklif qilinishi yomon ish emasligi, hozirgidek murakkab vaziyatlarda muloqot qilishga ehtiyoj ko‘proq bo‘lishini ta’kidlagan.